285$, hujjatlar va "Work and Travel" markazining turli yo‘riqnomalari solingan salafan paket bilan Amsterdamdagi Schiphol aeroportida turganimga ishonmasdim. Ikki soatdan keyingi New York reysiga tayyorlanib, meni u yoqda nimalar kutmoqda degan qo‘rqinch bosa boshladi. Ortga yo‘l yo‘q...
http://www.youtube.com/watch?v=rLg1L-XUnTA
Aeroportdagi tekshiruv va so‘rovnomadan o‘tib, to‘g’ri Shuttle Bus (ekspress avtobusi) ga o‘tirib, Port Authority ga keldim. Bu yerdan Amerikaning xohlagan shahariga Greyhound avtobuslari orqali borsa bo‘ladi. Dallas (Texas) shahrigacha 45-50 soat, Charleston (Janubiy Karolina) shahrigacha 24-30 soat, Washington (DC) gacha 8-12 soat, San Francisco (Kaliforniya) shahrigacha 4-5 kun, Bozeman (Montana) gacha 72-80 soat yo‘l yurish kerak ekan. Bizning manzil Cincinnati (Ogayo) shahri edi.
Avtobusga chiptani olib, Manhattan ni aylanishga chiqdim. Times Square da turar ekanman, yarqirab turgan chiroqlar, ko‘ngildagi qandaydir qorong’u g’ashlik, shu yerga kelganimdan bag’oyat hursand ekanligim-u, kelajakning bir katta so‘roq belgisiga aylanganligi hammasi qorishib, qandaydir o‘ziga xos betaraf his-tuyg’u paydo bo‘ldi.
Columbus (OH) shahriga yetganda Denisga qo‘ng’iroq qilib, 2-3 soatdan keyin Cincinnati da bo‘lishmni aytdim. Ertadan ishni boshlasam, 100 kun kuniga o‘rtacha 8 soatdan soatiga 8$ olsam, 6 400$ topar ekanman, deb o‘ylab qo‘ydim o‘zimcha. Avgust oylarida "Cincinnati Open" tennis musobaqasi boshlansa, ko‘proq ish so‘rab, 7 000$ ga yetkazaman degan reja ham bor edi. Ish "Days Inn" mehmonxonasining housekeeping/laundry "departamenti"da bo‘lganligi uchun ingliz tili rivojiga qo‘shiladigan hissa kamroq bo‘lishi kutilgandi. "I want this, I want that" va "I do not want this, I do not want that" ni bilsang, yozdan muammosiz chiqa olasan deb qo‘ydi Denis meni Sharonwoods dagi uylarning biriga joylashtirish uchun olib kelayotib.
Samarqandlik akalar bilan yashashimni bilib, hursand bo‘ldim. Kelishim bilan yuzimdagi tabassumni yashira olmay, "assalomu alaykum" deb baqirib yuboribman. Salomimga alik olishib, qaysi xonada yotishimni va nimalar qilishim kerakligini ruscha tushuntira boshlashdi. Ie deb turib, 1-2 o‘zbekcha "ice-breaker" savollardan qo‘ydim. Savolni eshitmaganday bo‘lib, o‘zaro tojik tilida gaplashishib, xonamdan chiqib ketishdi...
AmeriFood ga borib, 50$ ga 10-12 kunlik mahsulot olib keldim. 285$ - 30$ (Shuttle Bus) - 80$ (Greyhound chiptasi) - 15$ (Times Square dagi burger) – 12$ (Pittsburg dagi nonushta) – 50$ (ovqat) = 130$ atrofida pul qoldi. Ikki kun o‘tdi, ish yo‘q. To‘rt kun o‘tdi, ish yo‘q. Bir hafta o‘tdi, Denisdan hali xabar yo‘q. Xo‘sh, ikki qo‘limiz bo‘sh... birovga ishonib o‘tirmasdan, Public Library ga borib, internetdan ish izlashni boshladim. Social Security raqami bo‘lmaganligi uchun, chiqayotgan ishlarning deyarli hammasi menga to‘g’ri kelmasdi.
Senegallik kirakash Amadou bilan Social Security qilgani Downtown ga borayotib tanishdim (biz turgan dahadan shahar tomonga avtobus umuman yurmasdi). U ham AQShga birinchi kelgan damlarini eslab, rosa gapdan oldi. Yosh bola ekanligimni aytib, qiyinchiliklar ko‘p bo‘lsihi, lekin hech qachon berilmaslikni aytdi. Endi kelgan immigrantga qiyin bo‘lishini bila turib, kilometrajida ko‘rsatilgan 35$ ni sentigacha sanab oldi...
Nimagadir bu shaharda uzoq ushlanib qolishga ko‘zim yetmasdi. Social Security esa faqat ikki haftadan keyin tayyor bo‘lishi ma’lum bo‘ldi. Yetmaganidek, hujjatlarni to‘liq olib kelmaganligim uchun, meni qabul qilmay qaytarib yuborishdi. Suvga tushgan mushukdek uyga keldim... Kutubxonaga borib, pochtamni tekchirsam, tanish boladan maktub kelibdi:
"Работу нашел. Чачов мало. Хата есть. Ничего не обещаю, но работу можно найти - приезжай."
Kechqurun birga turadigan akaga ish topmaganligimni aytgandim. 1-2 soatlardan keyin aka kelib, Kenwood yaqinida bir dog’istonlik kishining o‘g’li Taekwondo klubi ochayotganligini va tozalanishi kerak bo‘lgan katta joy bor ekanini aytdi. Ertasi kuni kelib, meni va yana bir bolani olib ketadigan bo‘ldi. Ishladik. Yetmish-yetmish dollardan deb, 140 dollarga mening nomimga chek yozib berdi. Sherigimga chekni pulga alishtirib berishimni aytib, o‘zimda saqlab qoldim. PNC va Fifth Third banklariga borsam, chekni qabul qilishmadi. Faqat Chase bankidan alishtira olishimni bilgach, bu ish keyinga qoldirildi...
Ikki kun o‘tar o‘tmas toqatim toq bo‘ldi. Qolgan 90$ ning 80$ ni televizor oldiga qo‘yib, bu yerda qola olmasligimga uzr so‘rab, ikki haftalik yashash haqqi deb qo‘ydim. Kalitni qo‘shniga tashlab, ko‘chamiz boshidagi taksofondan Amadouni kelishini so‘randim.
Shanba kuni edi. Amadou sudralib kelgunicha soat ham 12 bo‘lib ulgurgandi. Chase bankni topguncha yana 40 daqiqa o‘tdi. Borib navbatga turishim bilan, qatorni yopib qo‘ydi. Hayriyat, ulgurdim. Men Chase bank 15-00 gacha ishlaydi deb beg’am bo‘lsam, ular Shanba kuni 13-00 da yopilar ekan.
Downtown ga kelganda Amadou ning kilometraji 80$ ko‘rsatar edi. Ahvolni tushuntirdim:
— Brother, I am going to East Coast, so I will need 80 dollars to buy a Greyhound ticket. I can give you only 50, sorry.
— OK, take care of yourself.
Yo‘q do‘ppini osmonga otib, cho‘ntakdagi 7$ va chaqalar bilan Williamsburg (Virginia) shahriga yo‘l oldim...
Comments
Post a Comment
Gapdan oling :)