O’qishga kirishishim bilan kunlar tez o‘ta boshladi. 17 ga to‘ldim. Adaptatsiya jarayoni esa shahardan qishloqqa tushgan yangi uylik kelinnikidan ham cho‘zilib ketdi. Guruhimda sakkizta qiz va beshta bola edik. Bir oy bo‘lar-bo‘lmas, ikkitasi muddatidan oldin o‘qishdan ketishga majbur bo‘ldilar (досрочное отчисление). Olib kelgan 200 dollardan 100 qoldi. Stipendiyaga faqat ikki oydan keyin ilinishim bankka hujjatlarni topshirganimda ma’lum bo‘ldi. Demak, qolgan soqqani tejab ishlatib, amallab turish kerak edi.
Mukkasiga tushib o‘qib yurgan kunlarimning birida "старшак"lar (4-kurs studentlari) "перваш"larni tungi soat 1-00 da belgilangan xonada hozir bo‘lishliklari haqida eshitdim. Bizning xonadan Botan, Yersh va men bordik. Bizdan tashqari yana beshtasi xonada armiyada safga turgandek turishardi. Yershni aftida "kirdyk!" deb yozilganday, Botanga esa baribir edi. "Понятия" berish boshlandi... Besababdan besabab kaltak yedik. O’zbek bo‘lganligim uchun menga "десерт" ham tayyorlashibdi. Harchasi, ertasi kuni darsga bora olmadim. Kechga yaqin zo‘rg’a turib, Yershdan kecha nega Drist biz bilan "kaltak yegani" bormaganligini so‘radim. Keyin bilsak, Dristning bizdan 2-3 yosh kattaroq opasi kechagi yigitlarning biri bilan yurarkan. Bizni himoya qiladi deb o‘ylagan karatist boladan umid qolmadi...
Nariroqdagi xonada Kaan yashardi. Arsenalida PB-4 va PB-4M markali OSAlar, gazli "Makar", "travmat Makar", yig’iluvchi pichoqlar bor edi. Amakisi Prokuraturada ishlardi va u bundan to‘laligicha foydalanardi. Kaanning xolasining o‘g’li shahardagi eng boy maktablarining birida o‘qirdi. Shu bola unga kimning qanaqa bola ekanligini, kimda qancha pul va telefon yurishini, kim qachon darsdan chiqib, qaysi tomonga qarab yurishini yetkazib turardi. Kaan esa qulay vaqt va joyni topib, avvaldan tuzilgan rejasi bo‘yicha maktab bolalarini o‘marardi. U Yersh va Drist bilan judayam qalin do‘st bo‘lib olganligi sababli, ora-cho‘ra bizning xonaga kelib, nima qilganligi haqida gapirib turardi.
Oktyabr oxirlarida "starshak"lar va’da bergan "tirashishlar" boshlandi. "Yavka obyazatel’na" edi. Bormaganingni bilib qolsa, "strelka"dan keyin kelib do‘pposlashardi. Shunday to‘qnashuvlarning birinchisi to‘palonsiz yakuniga yetdi. Ikkinchisida mag’lub bo‘lib, eski zavod territoriyasidan zo‘rg’a qochib qutildik. Uchunchisida esa, raqib tomon kelmaganliklari sababli, shahardagi eng katta "igroteka" - "Sigma selection"ni (60 ga yaqin kompyuter turardi, 18 tasiga 9 tadan ikki jamoaga bo‘linib o‘tirdik) hech kim halaqit bermasligi uchun ertalabgacha sotib olib, rosa qirildik (impulse 101).
Sessiya yaqinlashardi. Baholarim og’irni osti, yengilni usti bilan yuradigan boyvachchalarning o‘g’il-qizlaridan yaxshiroq edi. Imtihonlarni "3" olmasdan topshirsam, ikkinchi yarim yillikda ham stipendiya berishardi. "Iqtisod tarixi" fanidan kitob o‘qib o‘tirgandim. Qayerdanam 4-kursdagilarning biriga mening o‘zbek ekanligim esiga tushib qoldi.
— "Саламалейкум, братишка! Как делишки?", - deb, rangida rang yo‘q, gapida tuzi yo‘q "sulton sovuq" kirib keldi...
— "Хорошо", - dedim, nafasim ichimga tushib.
— "Давно я пловчика не хавал. Значит, сегодня ты будешь готовить плов!", - dedi-da, qo‘limdagi kitobni tortib oldi.
Umrimda palov pishirb ko‘rmaganman. Bilganimcha qilishga majbur bo‘ldim. Natija = shovla... Palov yegisi kelganlar yaxshilab do‘pposlashdi... Qaysi axmoq alyuminiy kastryul’da palov pishiradi???
Ha demay qaxraton qish ham boshlandi.
Qarama-qarshi xonada 3-kurs Nazariy Fizika talabasi jugut bola, Avraam yashardi. Laqabi murojaat qilayotgan odamning kayfiyatiga qarab Avi yoki "jid" bo‘lib o‘zgarib turardi. U hech kim bilan gaplashmasdi, hech kimga qo‘shilmasdi. Ikkinchi semester boshlarida "старшак"lar kelib yana boshimni qotira boshlashdi. Agar men jugutga borib, "menda ovqat qilgani hamma mahsulot bor, lekin men aynan SENDAN kartoshka, sabzi, moy, sarimsoq, piyoz va boshqa mahsulotlar olib ovqat qilgim kelyapti" deb aytib, kerakli narsalarni olib kelsam, ular meni yilning oxirigacha tinch qo‘yishliklarini aytishdi. "Узбек против Еврея! Посмотрим, кто кого сделает?!" deb, amaliy mashg’ulotlardan ozod etilgan miyasi yo‘q bir to‘p 4-kurs talabalari hammani tinchlantirib, devor orqasiga berkinib olishdi. Avraam bilan umuman tanish emasligim sababli, nima kutishni ham bilmasdim. Afsuski, tomosha kutilganidek bo‘lmadi. Uning xonasini eshigini ochib, hayolda bir necha marotaba qaytalangan gapni aytdim. Avraam gap nima haqida ketayotganini darrov tushunganday bo‘lib, og’zini ham ochmay hamma kerakli mahsulotlarni berdi. Borib ovqat qilib berdim... Shunday qilib, palovdan keyingi yeyilgan kaltak 1-kursadagi so‘nggi do‘pposlash ekanligi rasman tasdiqlandi.
Birinchi kursni "3" bahosiz bitirdim. O’tgan 300 kun ichida ko‘rmagan narsalarni ko‘rib, qilmagan ishlarni qilishga to‘g’ri keldi. Yegan kaltaklarimga afsus tortmayman-u, lekin baribir asorati qolar ekan. Qachonlardir o‘qishga tushdim deb, o‘zimni porloq kelajak shohko‘chasida turgandek his qilgan bo‘lsam, endi agar hayot shu tarzda davom etaversa porloq u yoqda tursin, umuman kelajak bo‘lmasligini anglab yetdim. Yozni qishloqda o'tkazdim.
Aytgancha, Kaan qish boshlanishi bilan surunkali pnevmoniya kasalligiga chalinib, shahardagi Temiryo‘l kasalxonasidagi palataga May oyining oxirigacha mixlandi. O’qishini Prokuror amakisi yoptirib berdi...
Comments
Post a Comment
Gapdan oling :)