"Документы, пожалуйста", - deb, xizmat kiyimdagi aka to‘xtatdi.
"Hozirgina anavi yerda hamkasbingizga hujjatlarni ko‘rsatuvdim", - deb ruschalab aytgim keldi-yu, lekin anchagina grammatik xato qilishimdan qo‘rqib, "Вот...", - deb so‘ralgan qog’ozlarni berdim. "Musor"lardan qanchalik bezor bo‘lishinmi tasavvur ham qila olmasdim...
Kelgan kunim yotoqxonaga ruxsatnoma olib, o‘quv yilining rasmiy ochilish marosimiga tayyorlanish kerak edi. 3-qavat. Chap tomondagi sakkizta xonada o‘g’il bolalar, o‘ng tomondagi sakkizta xonada qizlar turardi. Har bir xonada ikkitadan ikki qavatli yotoq (двухъярусные кровати) qo‘yilgan. Vaxtadan kalit olay desam, komendant xonangda odam bor dedi. Mendan ham erta kelganlar bor ekan deb ko‘tarilib, eshikni taqillatdim...
[b][i]"Privetstvuyu. Menya zovut Botanov Botan Botanovich. Ya pervokursnik Kafedry Matematicheskoy Kibernetiki i Sistemnogo Programmirovaniya",[/i][/b] - dedi Botan, bir qo‘li bilan ishtonbog’ (rezinka) bog’langan "+5"lik ko‘zoynagini to‘g’irlab, ikkinchi qo‘lini menga uzatib. U yotadigan to‘shak yonidagi devorda muxolifatchilarning bayrog’i va Uinston Cherchilning portreti ilinib turardi (men na bayroqning qanaqa bayroq ekanini, na anavi shlyapa kiygan kishining kim ekanligini bilardim... keyin tushuntirib bergandi u).
Uydan olib kelayotgan ikkita katta so‘mkani (bittasida fufayka, telpak, botinka va shunga o‘xshash qishki kiyimlar, ikkinchisida o‘rik-magiz, yong’oq, bodom, 1-2 konservalangan baliq, "sgushenka" — umuman oziq-ovqat) uchinchi qavatgacha ko‘tarib chiqish jismonan toliqtirgan bo‘lsa, mana bu qarshimda turgan odamsimon maxluq aqlan holdan toydirdi.
Atrofimda nima bo‘layotganini anglay olmay turgan bir paytda qo‘li havoda qolib ketgan Botan yana gapirdi:
"Pomoch’ s sumkami?"
"N-E-T, ya sam", - dedim(mi?)... Bunaqa talabalar ertaga meni yamlamay yutadi-ku, qanday qilib raqobatlashaman degan hayol kechardi. Hali yana ikkitasi kelishi kerak. Ular ham shu kategoriyadan bo‘lsa, unda mening bu xonaga qadam ranjida qilishim kerak yoki kerak emasligi haqida o‘ylashni boshladim... Mayli, boradigan boshqa joyim yo‘q, shu xonada yotganimcha yotaman deb narsalarimni joylashtirib, yaqinroqdagi hiyobonga chiqib ketdim...
Ertalab Drist va Yersh kirib kelishdi. Bir haftadan beri shaharda qarindoshlarinikida bo‘lganliklarini aytib, o‘zbek bilan yashashni umuman kutmaganliklarini aytishdi. Yershning yurishi ham, turishi ham taniqli artistlardan qolishmasdi. "DJ"lik (musiqa disklari kollektsioneri) bilan anchadan beri shug’ullarkan. Ingliz va frantsuz tillaridagi qiyin-qiyin gaplarni qo‘shib gapirardi (qishloqdagi xonandalarni eslab, ular ham xonandaman deb yuribdi-da... dedim ichimda). Aytayotgan gaplarining 65% ga tushunmasdim. Drist mahoratini kiyim ilgichdagi (shkafdagi veshalka) kiyimni oyog’i bilan olib ko‘rsatgandi – karate qora belbog’ sohibi. Qisqasi, ruhan dabdala ahvolda edim... To‘g’ri-da, bu huddi "Start" chizig’ida turgan Mersedes, Lamborjini, Toyota va eshak arava poygasidek edi...
Xonadagilar hammasi hursand, hushchaqchaq yangi o‘quv yili boshlanishi munosabati bilan uyushtirilayotgan kontsertga ketishdi... Qishloqqa ketgim keldi. Go‘yoki bu yerdagi bir daqiqa qishloqdagi bir yildek o‘tayotgandek tuyulardi. Bunaqa tushkunlikka umrimda hali tushmagandim. Stol ustidagi Botan olib kelgan elektr samovari qishloqni eslatib, battar qo‘msatardi...
Comments
Post a Comment
Gapdan oling :)