Maktabning so‘nggi yillari darsga 1-1,5 soat erta keladigan odat paydo bo‘ldi. Sinfimiz derazasidan uzoqdagi tog’larni tomosha qilish judayam yoqardi. Bir cho‘qqidan ikkinchisiga o‘tish uchun, turgan cho‘qqidan pastroqqa tushib, keyin balandroq bo‘lgan cho‘qqi zabt etilishi hayoldan o‘tib, hayot ham huddi shunday qonun-qoidaga asoslanganmikan deb o‘ylab qo‘yardim...
O’quvchilik yillari davomida tumanlararo fan olimpiyadasida erishilgan to‘rtinchi natija va halqaro yosh-o‘smirlar (Toshkent, Dushanbe, Jizzax, Samarqand, Chimkent, Taroz, Bishkek, Talas shaharlaridan kelishardi) futbol musobaqalarida chap qanot himoyachisi bo‘lishdan boshqa hech qanday ko‘zga ko‘rinarli muvaffaqiyat bo‘lmadi... Duzzang bo‘lib duzzang bo‘lmadim, yo a’lochi bo‘lib ko‘zga tushmadim, sportchi bo‘lishlik ham nasib qilmadi, bir hunar ham eplamadim. O’zimni huddi oyimga palov tayyorlash uchun guruch tozalash jarayonidagi millionta oq guruchning biridek his qilardim. Kurmak yomon narsa-kuya, lekin shu kurmak ham, mendan farqli o‘laroq, o‘ziga e’tibor jalb qila olardi.
Спорт и труд — рядом идут
Xullas, qishloqdan ketishga qaror qildim. Amakivachchalar bilan ishlagani shaharga emas, uzoq-uzoqlarga... Shimolga... Buning birdan bir yo‘li o‘qishga tushish edi. Tekiniga faqat. Odam chin dildan xohlasa qadoq qo‘llari bilan Jomalungmani ham yer bilan yakson qilishga qodir. Bu qanchalik haqiqatdan yiroq absurd bo‘lmasin, ishonmaslikka ilojim yo‘q.
— "Ada, men qishloqdan ketaman", - dedim, sekin eshikdan kirib.
— "To‘g’ri qilasan, shaharga tushib, shu yoqda amakilaringni uyida yotib 1-2 yil ishlasang, uylanasan. Ungacha boshing ishlab qolsa, shahardan uy-joy qilib olasan. Bo‘lmasa qishloq seni doim kutadi – og’ilxona bo‘sh. Rizqingni kam qilmas...", - deb, papiros chekardi adam.
— "Yo‘q, ada...", - dedim-u, ko‘zim stol ostidagi ikkita bo‘sh yotgan aroq shishasiga tushdi...
— "Aytgancha, o‘tgan safar shaharga tushgandim. Igor’ni taniysan-ku, a? Shu qizini beraman deyapti. Kelib, gaplashsib ko‘rsin dedi. Germaniyadan kelganlariga ham mana ikki yil bo‘lyapti... Yoki Diponi (ammamning qizi) ko‘r, zo‘r qiz. Ja moshinglar pishadi birga qolsalaring...", - deb davom etardi adam.
Igor’ degani bu Ixtiyor ismli bir amaki. Rus ayoliga uylangan. Shaharga tushganda ko‘rib turardim. Qizi yomon emasdi-yu, lekin judayam sodda edi-da. Men o‘zi suvga tushgan nondan badtar bola bo‘lsam, u ham sodda... Yaxshi oila bo‘lmaydi deb yurardim. Ammamning qizi esa bu qizning naqd teskarisi. Qachon ko‘rsa "qishloqi" deb chaqirardi meni bu yaramas. Bir kuni biznikiga mehmonga chiqib, jahlimni chiqara boshladi. Ingichka bilaklarini ushlashim bilan "bol’no, bo‘lno" deb yig’lardi. Rus maktabida o‘qirdi-da qizcha. "Vey, yig’loqi! Ana, ko‘chada katta buqa qoziqlanib turibdi, 10 minutlardan keyin qo‘shnimiz Barchinoy holaning 14 yoshli qiz nevarasi shu buqani mulla mingan eshakdek qilib, uyiga olib ketadi. Chiqib shu prosessni konspekt qilgin, mabodo qishloqqa erga tegib qolgudek bo‘lsang kerak bo‘ladi" degandim. Dipo (ismi Dilfuza) chiroyli, o‘ziga qaragan, yasan-tusani bor shaharlik qiz. U bilan bo‘lish yaxshi edi-ku, lekin ammamning qizi bo‘lganligi uchun ko‘ngil uncha tortmasdi...
— "Ada, men o‘qishni boshqa shaharda o‘qimoqchiman, ruhsat bersangizlar", - deb mavzuga qaytdim.
— "Sen ozingni o‘zing eplay olmaysan, o‘qishni Lenin o‘qiydimi u yoqda?", - dedi kayfu-safosi buzilgan adam.
— "Qo‘y, bolam, shu shahardagi oqishni bitirib olsang, marra seniki...", - deb bu yoqdan oyim gapira boshladi...
Imkoniyat bo‘ldi degandan men shu mavzuni ochaverardim. Adam bilan oyimning javobi esa yuqoridagi gapning so‘zma-so‘z qaytalanishi yoki 1-2 sinonim so‘zlar va jahlning kuchlilik amplitudasi bilan farq qilardi xolos.
Bir kuni uyimizga dodam rahmatlik (oyimning dadalari) kelib qoldilar. Har doimgidek, adamni kayfiyatini to‘fon bosdi. Men kattalar hangomasiga aralashmaslik uchun juftakni rostlab qoldim. Keyin bilsam, dodam uydagilarga bolang nima xohlasa shuni qilsin degan ekanlar. Adam biroz "bu traktorist (dodam qishlog’imizning fahriy traktorchisi bo‘lgan) nima biladi o‘zi" deb, o‘z aytganidan qaytmay yurdi... Axiyri ijozat berdi.
O’qishga tushdim! Quvonchimning chegarasi ko‘rinmasdi...
So‘nggi qo‘ng’iroq jarangladi. Endi fizika o‘qituvchisining shapalog’i, musobaqalarda maktab sharafini himoya qilib kiygan qizil Liverpul kiyimi, "texnichka" opalarning "darsdan keyin partalarni ko‘tarib ketinglar" deb qayta-qayta aytishlari, kerilib qolgan "kachoklar", bitta yirtilgan varoq uchun ikkita kitob olib kelasan degan kutubxonachi — hammasi endi faqat tushlarga kirishi mumkin edi.
— "Aka, menga SEGA olib kelasan-a?", - degan ukam, adam va oyim bilan poyezdga kuzatib qo‘ydi...
Comments
Post a Comment
Gapdan oling :)