Thetan II

Maktab

Algebra va geometriyadan dars beradigan muallim sinfimizga rahbar etib tayinlangandi. Achchig’i yomon hamda qattiqqo‘l o‘qituvchi ekanligini bizga boshqa sinfdagilar aytishgandi. "Qattiqqo‘l bo‘lsa o‘ziga!" deb pisand qilmay, maktabdan chiqaverishdagi "igroteka"ga kirib yuraverdim. Sony Playstation (qisqartirib "Sony" derdik) endi qishloqqa kelgan payt. Maktab bufetidan ovqat olib yeyishga berilgan pullarni yig’ib-yig’ib, haftada 1-2 marta Sony o‘ynab turardim. Mendan ikki parta orqada o‘tiradigan Soli har kuni darsdan keyin kamida bir soat o‘yin o‘ynardi. Uning darsdan chiqishiga Vahob aka (Sonyni egasi) o‘yinlarni qo‘yib, hammasini tayyor qilib turardi. "Solining shoxi bormi?" deb o‘ylardi "igroteka" ichki siyosati bilan tanish bo‘lmaganlar.

"Naqadar shafqatsiz hayot..." iborasini to‘laligicha tushunib, amalda ilk bora his qilishimga mana shu Soli sababchidir. "Chirib ketgan" boy ekanligi mayli-ku, erga tegishlik ketvorgan ikkita opasi ham bor edi. Eng qizig’i, Vahob aka ikkisining biriga oshiq edi va Soli o‘yin haqqini yarminigina to‘lardi (pochchang bo‘laman deb umid qilib yurib, Vahob aka pullarini yarmini qaytarib berardi unga). Qisqasi, Sony Soli og’rib qolgan kuni bo‘sh bo‘lmasa, boshqa kunlari "zorim bor-u, zo‘rim yo‘q" deb, hushtak chalib uyga jo‘nardim.

Shunday kunlarning birida boshga bir fikr keldi. Sinfda mendan yaxshi biladigan o‘quvchilar soni (a’lochilar) 5-6 taga yaqin edi, lekin baholarim Solinikidan ancha yaxshi edi.
"Yo‘lini topish kerak! Ertaga navbatdagi yozma ish. Soli bilan bir qatorda o‘tiraman. Darsdan oldin borib, "ko‘chirtirsam 30 minut Sony qo‘ydirib berasanmi?" deb aytib ko‘raman, nima derkin..."

G’oyani olg’a surdim. Ko‘ndi! Agar ushlanib qolsa men javobgar bo‘ladigan bo‘ldim. Hammasi o‘ydagidek amalga oshirildi. Soli kerak bo‘lgan "4"ni oldi, men esa to‘yib CTR o‘ynab oldim.



Ertasi kuni Soliga borib, hamma fandan yordam berishga (yozma ish bo‘lsa ko‘chirtirib, doskaga chiqsa pichirlab aytib turib) tayyor ekanimni va baholari 4-5 bo‘lsa har kuni Sony qo‘ydirishga majbur bo‘lishligini aytdim. U ham hursand, men ham. Lekin bu ko‘pga cho‘zilmadi...

Algebra darsi edi. Sinf rahbarimizning kayfiyati minus cheksizlik tomonda... Trigonometrik misol berilgan. Misolni soddalashtirib, yechimini topish kerak... cos(pi/2- alpha), sin(2pi/3+alpha), sin_alpha/cos_alpha, koordinatalardagi ishoralar va boshqa trigonometrik xossalarni bilishim kerak edi. Muallim menga bir ko‘z tashladi-da, baholari mendan kam o‘quvchi yo‘q ekanligiga amin bo‘lishi uchun jurnalga qaradi.

Trigonometrik misol

Tamom! Doskaga meni chaqirdi. Chiqdim... chiqishga chiqib oldim-u, nima qilishni bilmasdim...

- "Doskaga birinchi marta chiqib turibsanmi, bo‘rni ol!", - hayqirdi o‘qituvchi. Biroz turib,
- "Misolni yecha olmayman", - dedim dovdirab.
- "Kallami mana bu yo qovoqmi?", - deb o‘rta qo‘liga taqilgan katta gavhar ko'zli uzuk bilan boshimga to‘qillatib tushirib qoldi. Bu kaltakdan keyin aytilgan hamma haqorat-monolog u quloqdan kirib, bu quloqdan chiqib ketardi. Lekin muallimning "Uyat-e! Yana onang o‘qituvchi!" deb aytgan gapi qattiq ta’sir qildi...
- "Muallim, kechiring. Bu haqda oyimga aytmay qo‘ya qoling, iltimos. Kelasi safar tayyorlanib kelaman", - deb darsdan keyin uzr so‘radim.
- "Tayyorlan",- dedi-yu, diskriminantni topish formulasini yoza olganimga "3" qo‘yib berdi.

Hali "3" olib ko‘rmaganligim uchun bu kutilmagan zarba bo‘ldi... Darsdan chiqib, Soliga boshqa unga qo‘shilmasligimni aytdim. Uyga yaqin masofadagi katta ariq bo‘yiga o‘tirib olib yig’ladim va ikkinchi onamga gap eshittirmaslikka va’da berdim.
Uzuging singurning kaltagidan boshim qattiq og’rirdi...

Comments