Katta darvozani ilib, hovliga yugurib kelsam, adam bilan oyim ovqatlanishayotgan ekan. Nega kechikding deb so‘rab qolishsa "yo‘lda sinfdoshimnikiga kirgandim... Tarix daftarini olgani" deb aytaman deb turgandim. "Qani daftar" deb qolishsa, unga ham javob tayyor edi: "Daftarini boshqa sinfdoshim yarim soat oldin kelib olib ketibdi, keyin shu sinfdoshimnikiga boruvdim... u hali ko‘chirib bo‘lmabdi". Buning hammasi to‘p ko‘rinmay ketguncha futbol o‘ynab kechikishimga bahona ekanini adam ham, oyim ham, hatto 8 yoshar ukam ham bilardi. Shunday bo‘lsa-da, har doim uydagilarni bir amallab aldashga harakat qilishimga nima sabab ekanligini bilmasdim desam yana aldagan bo‘laman... Hayriyat, bu safar so‘roq qilishmadi... Nayranglardan charchashgan bo‘lsa ajab emas.
"Ketangni qo‘yib, yuz-qo‘lingni yuvib kel. Vodoprovodning jumragi ishlamayapti, chelakdan suv olib yuvingin. Qaro tun bo‘ldi, ertangi darslaringni ham qilmagandirsan?!" – deb oyim achinib gapira boshladi.
Apil-tapil yuvinib, xontaxta boshiga o‘tirishim bilan issiq sho‘rva keldi. Hovlidagi televizorda 10 dagi "Yangiliklar" dan keyin beriladigan navbatdagi kino ham yarmiga yetib qolgandi. Yaqin-uzoqdan mahalliy xonandaning shu paytda "xit"ga aylanib ulgurgan turkcha "onun arabasi var, guzel mi guzel" ashulasi xira yangrardi. Menimcha, xonandalar turk tilini bilishmasdi: "zarubejniy" ashulalarni ovoziga qarab, o‘zlaricha kelishtirib aytib yurishardi. Amallashardi lekin...
"Tog’amning ulfati uylanyaptimi?", - deb qiziqish bilan berilgan savolim televizor tovushi bilan qorishib ketdi.
"Ha... Ikkinchisiga!", - deb oyim idishlarni yig’ib, oshxonaga kirib ketdi. Idish yuvish va uy supurishni qanchalik yomon ko‘rishimni uydagilar e’tiboriga bir necha marotaba yetkazishimga qaramay, bu ishlarni qilishim shart edi. Uyda qiz bo‘lmagandan keyin shu-da...
Oyimning qarindosh-urug'larini tilga olishim bilan adamning qovog’idan qor yog’radi. Ko‘p hollarda gapni tez boshqa mavzuga burishga to‘g’ri kelardi. Bu safar nima derkin deb poylab o‘tirgan paytimda, adam savol berib qoldi:
- "O’qiyman, o‘qiyman" deysan, futbol tepishing mana bu ahvol... Ha, o‘qiydigan odam, mundoq dars qiladi-da... Ertaga nima darslaring bor?
- Tarix, rus tili, adabiyot, fizika, yana fizika, ikki soat mehnat darsi...
- Qani, qaysi biriga tayyorlanding?
- Tarixdan o‘tgan safar javob bergandim, bu safar o‘qituvchi mendan aniq so‘ramaydi: bahosi yo‘qlar ko‘p. Rus tili fanidan dars beradigan o‘qituvchimiz og’rib qolgan, kelmaydi. Adabiyotdan 25 qator she’r yodlash kerak, tarix va rus tili darslari davomida yodlab olaman. Fizikadan yozma ish yozamiz. Mehnatdan vazifa berilmagan ("stabil’no" qochiladigan dars, so‘nggi marotaba qachon darsda o‘tirganim esimda yo‘q edi)...
- Mayli... Yadik (amakimning bolasi, mendan yoshi ancha katta) shaharda yaxshi ishga joylashibdi, to‘rt oydan beri topishi zo‘r ekan. Farik (ammamning bolasi, u ham kattaroq) oshpaz (shef-povar) bo‘lib olgan. Shularning oldiga borsang kam bo‘lmaysan. Mana, ikkovining tagida mashina, yaqinda uylanishadi, kelajakka jiddiy qaragan yigitlar.
Yo‘q! Mening o‘z orzularim bor, rejalarim bor!!! Qachongacha birovning aytgani bilan ish tutishim kerak?! Maktabga borsam o‘qituvchi kelajakda kim bo‘lishimga xo‘jayin, uyda siz va oyim, ko‘chadagilar o‘zlaricha buni qil, uni qil deyish bilan ovora! Har kimning aytganini qilib yuraveramanmi? Nima uchun men umrimning oxirigacha maktabda dars berishim, oshxonada "shef", yoki qurulishda "prorab" bo‘lishim kerak ekan? Yo‘q, aslo yo‘q, hammalaring bekorlarni beshtasini yebsizlar!!! deb shijoat bilan chiqish qila olmasligim oydan aniq bo‘lgani uchun, adamga jimgina boshni qimirlatib, "ho‘p" degan ishora qildim.
Kino ko‘rishda davom etarkanmiz, nariroqda uxlab yotgan ukam g’imir-g’imir qila boshladi. Adam uyga kirib yot deyishiga qaramay, boshqa tomoniga ag’anab olib yana uxlashda davom etardi. Shu payt kanal bir lahzaga uzilib, qulayotgan binolar, qochayotgan odamlar haqida sharhlanmagan lavha ko‘rsatila boshladi. Adam menga qarab:
- Heh, tayinli kanal ham qolmadi ko‘rgani... Bir fil’mni orasiga ikkinchi fil’mni qo‘shib yuborishibdi, yaramaslar. Ukangni uyg’ot, kirib yotinglar, kech bo‘ldi, - deb, televizor ko‘rishda davom etdilar...
Afsuski, bu parallel ravishda namoyish qilinayotgan fil'm emas, balki jonli efirdagi Amerikadagi 9/11 voqealari edi...
2001
Manba: choyxona.com
Comments
Post a Comment
Gapdan oling :)